Shomurodov navbatdagi uchrashuvda antiqa rekord o‘rnatadi

Italiya futbolini yoritayotgan www.tuttocagliari.net sayti eksperti Martin Musu statistikaga ixtisoslashgan Opta markazi tarqatgan ma’lumotlariga asoslanib, A Seriyaning navbatdagi turida yuz berishi kutilayotgan e’tiborga molik ko‘rsatkichlar va rekordlar haqida ma’lumot berdi.

Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Kalyari” jamoasi A Seriyadagi joyini saqlab qolish uchun muhim o‘yinda “Lechche” bilan kuch sinashadi. Sardiniyaliklar maydonida o‘tkaziladigan uchrashuvda keyingi paytda bosh murabbiy Klaudio Ranerining asosiy hujumchisiga aylanib qolgan legionerimiz boshlang‘ich tarkibda o‘ynashi kutilmoqda.

35-turning bo‘lajak bellashuvi Eldor Shomurodov uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur bahs tajribali hamyurtimiz uchun A Seriyadagi yubiley – 100-uchrashuv sifatida qayd etiladi.

Shu tariqa, Eldor kuchli beshlik chempionatlarida yuzta o‘yinda qatnashgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi sifatida nomini tarixga muhrlaydi.

Shomurodov 2020 yilning oktyabrida “Jenoa” safiga qo‘shilgan edi. Hujumchimiz ilk mavsumda A Seriyada 31 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga sakkizta gol hamda bitta assist yozdirib o‘tgan.

Kelasi mavsumni grand klub – “Roma” safida boshlagan legionerimiz “bo‘rilar” safida bir yarim yil davomida milliy chempionatda jami 34 ta bahsda ishtirok etgan va raqiblar darvozasini uch marotaba ishg‘ol qilib, to‘rtta golli pas uzatgan.

Eldor Italiyadagi uchinchi jamoasi – “Spetsiya” tarkibida A Seriyada 15 ta o‘yinda bitta dan gol va assist qayd etgan.

Joriy mavsumni “Kalyari”da davom ettirayotgan 28 yoshli forvard hozircha 19 ta bellashuvda uchtadan gol va assist muallifi bo‘ldi. “Lechche”ga qarshi bo‘ladigan bahs chempionatdagi 100-o‘yin hisoblanadi.

Bundan tashqari Eldor Shomurodov Italiya kubogi doirasida “Jenoa”da bitta o‘yinda bitta assist uzatgan. “Roma” safida yagona uchrashuvida to‘p kiritgan. “Kalyari” hujumchi sifatida kubok musobaqasida ikki marta maydonga tushgan.

Eldor Italiyadagi faoliyati davomida hozircha yagona bo‘lib turgan sovriniga “Roma” futbolchisi sifatida UEFA Konferentsiyalar ligasida sazovor bo‘lgan. Hujumchimiz Konferentsiya ligasi saralash turnirida ikkita bahsda bitta gol urgan edi. Nufuzli musobaqaning asosiy bosqichda esa, to‘qqizda to‘qnashuvda ishtirok etib, jamoadoshlariga bir juft golli pas bergan.

Eldor rimliklar hujumchisi sifatida yana bir xalqaro musobaqa – Evropa Ligasida ham ikki bor maydonga tushib, bu turnirdagi gollari hisobini ham ochib qo‘ygandi.

A Seriyaning navbatdagi turida yana quyidagi rekord va ko‘rsatkichlar qayd etilishi kutilmoqda:

“Salernitana”ga qarshi uchrashuv Jan Pero Gasperini uchun “Atalanta” bosh  murabbiyi sifatida 300-o‘yin bo‘ladi.  

“Frozinone” hujumchisi M'Baye Nyang maydonga tushishi bilan Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridagi uchrashuvlari sonini 300 taga etkazib oladi.

Muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritgan “Inter” navbatdagi bahsda g‘alaba qozonsa, A Seriya tarixida umumiy to‘plagan ochkolari soni 4600 taga etadi.

“Inter” hozirgacha A Seriyada 5298 ta gol urgan va bo‘lajak bahsda bu ko‘rsatkichni 5300 taga etkazishi mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!