Superliga g‘oyasiga 20 yildan oshdi. Uning tarixi haqida bilasizmi?

  • 20 aprel, 2021, 19:02
  • 0
  • Futbol

Yakshanba kuni Evropaning 12 ta klubi Superliga tashkil etilganini e’lon qildi. Silvio Berluskoni bu haqda birinchi marta 80-yillarning oxirida gapirgan va oradan 10 yil o‘tib, birinchi loyiha paydo bo‘lgan edi. Keling, yangi tashkil etilgan super turnir tarixi haqida qisqacha hikoya qilamiz.

ber

1998 yil: Evropa Superligasini yaratish g‘oyasi 90-yillarning o‘rtalarida A Seriyani namoyish etish huquqini sotib olgan Italiyaning Media Partners International (MPI) kompaniyasi asoschisi Rodolfo Xext tomonidan ilgari surilgan.

Xextning fikriga ko‘ra, Superliga ikkita diviziondan iborat bo‘lishi kerak edi. Birinchi divizionda har qanday holatda ham quyi ligaga tushirib yuborilmaydigan 16 ta grand klub ikki davrali tizimda o‘yin o‘tkazadi. Ikkinchi divizionda Evropaning kuchli chempionatlarida yuqori o‘rinlarni egallagan 16 ta klub ishtirok etishi lozim edi. U o‘sha paytdayoq har bir klubga bir mavsum uchun teletranslyatsiyalarning o‘zidan ekvivalenti hozirgi 30 mln evroga teng bo‘lgan mablag‘ to‘lashga va’da bergan.

Xext oldida faqatgina klublarni ko‘ndirish vazifasi qolgan edi xolos. U grand klublar boshliqlari bilan uchrashdi va ommaviy axborot vositalarida bu g‘oyani targ‘ib qildi, ammo keyinchalik vaziyatga UEFA aralashdi va uning loyihasiga qo‘shilgan har qanday jamoa FIFA va UEFAning barcha musobaqalaridan chetlashtirilishi hamda ushbk jamoa futbolchilari jahon chempionatida o‘ynash huquqidan mahrum etilishi bilan qo‘rqitdi (hozir ham huddi shunday vaziyat yuzaga kelgan). Keyinroq, UEFA top klublar bilan evrokuboklarni isloh qilish bo‘yicha kelishib olgan. 1999/00 yilgi mavsumdan boshlab Kubok egalari kubogi bekor qilindi, Chempionlar ligasi ishtirokchilari soni 24tadan 32taga ko‘paytirildi va ishtirokchi jamoalarga to‘lanadigan umumiy mablag‘ 590 mln evroga etdi. G‘olib jamoa 44-55 mln evro oladigan bo‘ldi. Taqqoslash uchun, avval bu musobaqa g‘olibiga 10 mln evro berilardi.

Bir so‘z bilan aytganda, 1998 yilda inqilob ro‘y bermadi, ammo Xaxtning g‘oyasi bu bilan yo‘q bo‘lib ketmadi.

per

2009 yil: Keyingi o‘n yillikda Superliga haqida kamdan-kam gapirildi, ammo shu vaqt ichida Evropaning grand klublari UEFAga bosim o‘tkazish uchun G-14 ni tashkil qilishdi. Keyinchalik, bu Evropa klublari assotsiatsiyasiga aylandi.

2009 yilda Florentino Peres "Real" prezidentligiga qaytdi va yangi turnir yaratish haqida gapira boshladi. "Biz har doim eng yaxshilar eng yaxshi o‘yin ko‘rsatishini ta’minlaydigan Evropa Superligasi to‘g‘risida kelishib olishimiz kerak", - degan edi Peres.

Xuddi shu yili Arsen Venger bo‘lajak Superliga haqida ogohlantirdi: “Balki o‘n yildan so‘ng biz yangi Evropa ligasiga ega bo‘larmiz. Chempionlar ligasi olib keladigan pul top-klublarni qanoatlantirmaydi".

2016 yil: "Arsenal", "Chelsi", "Liverpul", "Manchester Siti" va "Manchester Yunayted" vakillari amerikalik investor va "Mayami Dolfins" klubi egasi Stiven Ross bilan Superliga yaratish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. O‘sha paytga qadar Ross allaqachon bitta yirik musobaqani - 2013 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro chempionlar kubogi (International champions cup) musobaqasini tashkil qilib ulgurgan edi.

Bunga javoban UEFA Evropaning eng yaxshi 16 ta jamoasi bilan yopiq liga tuzishni muhokama qildi. Ammo bu reja tezda rad etiladi va huddi avvalgidek grand klublarga imtiyozlar berildi. Unga ko‘ra, endi to‘rtta eng yuqori reytingga ega bo‘lgan chempionatlarning to‘rtta kuchli jamoasi avtomatik ravishda Chempionlar ligasi guruh bosqichiga yo‘l oladi.

2018 yil: Football Leaks ma’lumotlariga ko‘ra, top-klublar yangi turnir tuzish bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib borishgan. O‘shanda «Bavariya», «Real», «Milan», «Arsenal», «Barselona», «Yuventus» va «Manchester Yunayted» klublari UEFAning ortidan ish qilishni boshlagan.

2019 yil: The New York Times nashri Peres Superliga yaratish g‘oyasini FIFA prezidenti Janni Infantino va Evropaning ba’zi grand klublari rahbarlariga taklif qilganini yozdi. Ammo “Yuventus” prezidenti Andrea Anelli boshchiligidagi Evropa klublari assotsiatsiyasi (ECU) o‘shanda UEFA tomonida edi. U Chempionlar ligasining yangi formatini ishlab chiqdi va Superliga yaratish g‘oyasini rad etdi. Ammo tez orada "Yuve" xo‘jayinining fikri tubdan o‘zgara boshlaydi.

uuu

2020 yil: Endi hammasi jiddiylashdi. Grand klublar FIFA bilan hamkorlikda Evropa premer-ligasini tuzishmoqchiligi haqida xabarlar tarqaldi. Musobaqaning taxminiy boshlanish sanasi 2022 yil deb belgilandi. JPMorgan banki turnirni yaratish uchun 4,6 mlrd funt mablag‘ ajratish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Musobaqa formatiga ko‘ra, ligada 18 ta jamoa uy-safar tizimida o‘yinlar o‘tkazadi va kuchlilar pley-offga yo‘l oladi. Turnirni har qanday natija qayd etilgan taqdirda ham hech qaysi jamoa tark etmaydi. UEFA doimgidek bunga qarshi.

2020 yil oktyabr oyida Xosep Bartomeu "Barselona"dan ketishi arafasida kataloniyaliklar Superligaga qo‘shilishga rozi ekanligini e’lon qiladi. Ammo qolgan grandlar hali ham jim edi.

Shundan so‘ng UEFA yana grandlarga yon berib, Chempionlar ligasini isloh qilish loyihasini ishlab chiqishga kirishdi. Tashkilot e’lon qilgan formatga ko‘ra, yangilangan turnirda jamoalar soni oshadi va 32 tadan 36 taga etadi, guruh bosqichi va shveytsarcha tizim bekor qilinadi. UEFA bu o‘zgarishlar orqali grand klublarni tinchlantirib, ularni Superliga g‘oyasidan yana voz kechishiga umid qildi. Ammo...

superliga

2021 yil: FIFA va UEFA ishtirokisiz yangi turnir yaratildi. Evropa futbolida haqiqiy inqilob amalga oshirildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!