Superligani kim tashkil qildi? Qaysi pullar evaziga? Nega aynan hozir?

  • 19 aprel, 2021, 11:59
  • 0
  • Futbol

Superliga nafaqat Evropa, balki butun dunyo futboli uchun kutilmagan “bomba” bo‘ldi deyish mumkin. Yangi tashkil etilgan turnirning prezidenti Florentino Peres bo‘ldi. Joel Gleyzer ("Manchester Yunayted") va Andrea Anelli ("Yuventus") prezident o‘rinbosarlari etib tasdiqlandi. Ular musobaqani avgustda boshlashni rejalashtirmoqda.

Nima bo‘ldi?

Qit’aning 12 ta grand klubi Superliga tashkil etilishini e’lon qildi. Yangi musobaqa tashkil etishning asosiy sababi, ular o‘z daromadlarini kambag‘al jamoalar va UEFA bilan bo‘lishishni istashmaydi.

UEFA esa yangi turnirga kirishga rozilik bildirgan klublarni barcha ichki va xalqaro musobaqalardan chetlatilishi, bundan tashqari ushbu klublarda to‘p surayotgan futbolchilar terma jamoalarda o‘ynay olmasligi haqida ma’lum qildi.

Tashabbuskor kim?

Florentino Peres va Andrea Anelli. Italiyalik funktsioner nafaqat "Yuventus" prezidenti, balki 246 futbol klubi manfaatlarini himoya qiluvchi Evropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) rahbari sifatida ham ishlaydi. "Real" Madrid prezidenti Florentino Peres yangi turnirning prezidenti bo‘ldi. Uning o‘rinbosarlari sifatida Joel Gleyzer ("Manchester Yunayted") va Andrea Anelli qayd etildi.

Peresda ishontirish qobiliyati shu qadar kuchliki, hatto Xosep Bartomeu (“Barselona”ning sobiq prezidenti) ham uning gaplariga osongina ishongan. La Liga prezidenti Xaver Tebas bu borada shunday dedi:

“Menimcha, Bartomeu Florentino Peres tomonidan yuborilgan. Ushbu ligani yaratish hamisha "Real" prezidentining orzusi bo‘lgan. U bu loyiha ustida uzoq vaqt ishlagan, shuning uchun bu yangilik emas. Ilgari “Barselona” La Liga, UEFA va FIFA bilan ishlashda o‘z fikriga ega edi. Ammo so‘nggi 3 yildan buyon ular “Real”ning harakatlarini takrorlamoqda.”

Kimning pullari evaziga?

Ma’lum bo‘lishicha, bosh homiy mashhur JP Morgan banki bo‘ladi. Ular ligaga 4,6 milliard funt sarmoya kiritishga tayyor. Bank o‘z mablag‘larini translyatsiya huquqlarini sotishdan va kelajakdagi boshqa daromadlardan qaytarishni rejalashtirmoqda.

Superligani, shuningdek, startaplar va yosh loyihalarni barpo etadigan Key Capital Partners kompaniyasi ham qo‘llab-quvvatlaydi. KCP etarli mablag‘ga ega emas. Ular 2007 yildan beri 100 million funt sarmoya kiritgan xolos. Ammo kompaniya yangi homiylarni jalb qilishi mumkin.

Corriere dello Sport nashri xabariga ko‘ra, DAZN televizion huquqlar uchun 3,5 milliard evro to‘lashga tayyor. Ammo kompaniyaning o‘zi hozircha bu xabarni inkor etmoqda (Reuters).

Superligaga asos solgan top-15 ta klub rivojlanish uchun umumiy hisobda 3,1 mlrd funt oladi (har bir jamoa 89 milliondan 310 mln funtgacha olishi mumkin). Ular ushbu mablag‘larni o‘z stadionlarini ta’mirlashga, mashg‘ulot bazalariga yoki Covid-19 tufayli chiptalar savdosidan ko‘rilgan zararlarni qoplashga sarflashi mumkin.

Format qanday bo‘ladi?

Rejaga ko‘ra, Superliga 20 ta klubdan iborat bo‘ladi. Jamoalar 10 tadan ikkita guruhga bo‘linadi va uy-safar tizimida o‘yinlar o‘tkazadi. Shunda har bir ishtirokchi klub uchun 18 ta o‘yin o‘tkazish kafolatlanadi. Chempionlar ligasining yangi formatida esa bu ko‘rsatgich 10 tani tashkl etadi. Yangi tashkil etilgan Superliga joriy yilning avgustida boshlanishi rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvlar hafta o‘rtalarida (Chempionlar ligasi o‘rniga) o‘tkaziladi, shu sababli jamoalar o‘z chempionatlarida ham o‘ynashlari mumkin, agar UEFA ularni bu huquqdan mahrum etmasa, albatta.

Guruhdan eng yaxshi natija qayd etgan 3 tadan jamoa keyingi bosqichga chiqadi.  4- va 5-o‘rinlarni egallagan klublar esa keyingi bosqichga chiqish uchun o‘zaro pley-off o‘yinida ishtirok etadi. Chorak va yarim final bahslari odatdagidek uy-safar tizimida o‘tkaziladi. Final uchrashuvi esa may oyi oxirlarida neytral maydonda bo‘lib o‘tadi.

Tashkilotchilar erkaklar o‘rtasidagi Superligani keyinchalik huddi shu formatda ayollar o‘rtasida ham o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Kimlar rozi?

12 ta klub: "Manchester Yunayted", "Liverpul", "Manchester Siti", "Arsenal", "Chelsi", "Tottenxem", "Barselona", "Real", "Atletiko", "Inter", "Milan" va "Yuventus".

"Barselona" uchun qarorni sobiq prezident Xosep Bartomeu qabul qilgan. U o‘z lavozimidan ketishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Superligaga qo‘shilish haqida quyidagi fikrlarni bildirgan edi:

“Men sizga g‘ayrioddiy yangiliklarni aytib berishim mumkin. Kecha biz klubning kelajakdagi moliyaviy barqarorligini kafolatlaydigan bo‘lajak Evropa Superligasida ishtirok etish taklifini va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining yangi formatini qabul qildik."

Kimlar rad etdi?

Ha, "Borussiya Dortmund", "Bavariya" va PSJ bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamagani aniq. The Athletic va The New York Times nashrlarining yozishicha, nemis klublari hozirgi tuzilma va qadrdon musobaqadan voz kechishni xohlamagan.

Ammo PSJni ushbu musobaqaga jalb etish yanada qiyinroq. Birinchidan, parijliklar bunday musobaqada faqat boy jamoalar ishtirok etmasligi kerak, deb hisoblashadi. Ikkinchidan, PSJ prezidenti Nosir Al-Xelayfi UEFA direktorlar kengashida faoliyat yuritadi. Bundan tashqari u “beIN Media Group”ni boshqaradi. Qatar telekompaniyasi Chempionlar ligasi uchrashuvlarini translyatsiya qilish uchun UEFAga millionlab pul to‘lagan.

Nega aynan hozir?

Dastlab Chempionlar ligasining yangi formati mart oxirida taqdim etilishi kerak edi, ammo kerakli sanaga qadar UEFA Evropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) bilan kelishuvga erisha olmadi.

Evropa klublar assotsiatsiyasi UEFAning klub musobaqalari qo‘mitasi bilan bo‘ladigan yig‘ilishdan bir kun oldin ular hali ham o‘zaro kelishuvga erisha olishmaganini ma’lum qildi. Gap shundaki, top-klublar ko‘proq kuchga ega bo‘lishni, shuningdek, tijorat va translyatsiya huquqlarini sotishda faol ishtirok etishni xohlaydi.

UEFA va Superliga haqida nima deyish mumkin?

UEFA, Ispaniya, Angliya, Italiya federatsiyalari va Superligaga qo‘shilishga rozilik bildirgan inqilobchilarni katta mojaro kutmoqda.

Sky Sport Italia tarqatgan xabarga ko‘ra, UEFA Superligada ishtirok etadigan har bir klub va har bir futbolchini o‘z musobaqasidan chetlatish niyatida. Bundan tashqari, UEFA ushbu klublarga nisbatan 50-60 milliard evro miqdorida da’vo arizasi bilan murojaat qilmoqchi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!