Taekvondochilarimiz mustaqil O‘zbekistonning Osiyo chempionatlaridagi eng yaxshi natijasini qayd etishdi!

Bugun Livan poytaxtida taekvondo WT bo‘yicha Osiyo chempionati o‘z yakuniga etdi. Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 10 ta medal qo‘lga kiritib, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijasini yangiladi.

Bugungi bellashuvlarda terma jamoamiz sharafini "Tokio-2020" litsenziati Nikita Rafalovich (-80 kg) va Niyaz Po‘latov (-63 kg) himoya qilishdi. Rafalovich yarim finalda Xitoy Taipeyi vakiliga qarshi bahsda imkoniyatni boy berdi va bronza medali bilan kifoyalandi.

Po‘latov esa hal qiluvchi jangda iordaniyalik Zaid Alxalavani bilan hisob-kitob qildi. Murosasiz kechgan jangda hamyurtimizning qo‘li baland keldi va terma jamoamizga uchinchi oltin medalni taqdim qildi.

Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani 3 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan yakunladi. Bu taekvondochilarimizning Osiyo chempionatlarida medallar soni va sifati bo‘yicha qayd etgan eng yaxshi natijasi sifatida tarixga kirmoqda. Qayd etish joiz, ushbu musobaqada Ulug‘bek Rashitov, Svetlana Osipova hamda Nigora Tursunqulova kabi etakchi sportchilarimiz ishtirok etishmadi. Ular ayni kunlarda bor e’tiborlarini Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishga qaratishgan. Aks holda Livandagi qit’a chempionatida natijalar bundan-da salmoqli bo‘lishi turgan gap edi.

Yana bir ahamiyatli tomoni, hamyurtimiz Shohsanam A’zamova musobaqada qizlar yo‘nalishida "Eng yaxshi taekvondochi" deb topildi. Vakillarimiz endilikda 20 iyun kuni “Beirut Open” xalqaro musobaqasida ishtirok etishadi. Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lgan qahramonlarimizni eslatib o‘tamiz:

Oltin medal:
-53 kg: Charos Qayumova
-62 kg: Feruza Sodiqova
-63 kg: Niyaz Po‘latov

Kumush medal:
-49 kg: Madinabonu Mannopova

Bronza medal:
-68 kg: Jasur Jaysunov
-46 kg: Shohsanam A’zamova
-74 kg: Shahboz Tusmatov
-80 kg: Nikita Rafalovich
-87 kg: Shuhrat Salaev
+80 kg: Shohruh Rajabov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!