Tayson Fyuri-Deontey Uaylder kimda imkoniyat yuqori? Ruslan Chagaev javob berdi

  • 5 oktabr, 2021, 07:05
  • 0
  • Boks

9 oktyabr kuni AQShning Las-Vegas shahrida super jang kechasi tashkil qilinadi. Ushbu kechaning markaziy jangida superog‘ir vazn toifasi vakillari britaniyalik Tayson Fyuri hamda AQSh vakili Deontey Uaylder o‘ziga xos trilogiyada ringga ko‘tariladilar. 

Xabaringiz bor, ularning dastlabki to‘qnashuvida durang qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchi jangda Fyuri texnik nokaut bilan g‘alabaga erishgandi.

Uchinchi jangda esa, kimning imkoniyati yuqori, Fyuri muvaffaqiyatini davom ettira oladimi yoki Uaylderning britan bokschisiga atalgan "sovg‘a"si bormi? Buni tez orada bilib olamiz. Biroq, jangdan avval har doimgidek imkoniyatlar borasida turli fikrlar yangramoqda. Biz ham an’anaga muvofiq o‘zbekistonlik mutaxassislarning mulohazalariga quloq tutdik. Ayniqsa, o‘z vaqtida ushbu vazn toifasida WBA chempionligini qo‘lga kiritgan, mashhur bokschimiz Ruslan Chagaevning bu boradagi fikrlari barcha uchun qiziq bo‘lishini inobatga olib, u bilan bog‘landik.
 
- Bu jangni butunjahon kutmoqda desam, yanglishmgan bo‘laman. Shunga monand qiziqarli jang bo‘lishi ham kutilmoqda. Aslida, boksda avvaldan biror fikr bildirish qiyin. Ayniqsa, og‘ir vazn toifa vakillari bo‘lsa, yanada taxminlaringiz o‘zini oqlamasligi mumkin. 

To‘g‘ri, ular ikki bor to‘qnash keldi. Bir durang va Fyurida bitta g‘alaba bor. Ushbu janglardan ko‘rib, ularning imkoniyatini chamalash mumkin. Biroq, bitta zarba butun jang taqdirini o‘zgartirib yuborish mumkin. 

Imkoniyatlar borasida to‘xtalsak, Fyurida bu borada ustunlik bor. Unda kreativlik, ringda aql bilan harakat qilishi, texnik jihati Uaylderga nisbatan yaxshi shakllangan. Shuning uchun  55/45 hisobida Fyurini imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim.

Ammo yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, bu boks va ushbu jangda har ikkisi ham g‘alaba qozonishi mumkin. Shu bilan birga jang 12 raund davom etadi, deb o‘ylamayman. Albatta, bu shaxsiy fikrim!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!