Terma jamoamizning Ummondan Falastingacha bosib o‘tgan yo‘li

  • 2 dekabr, 2019, 19:53
  • 0
  • Futbol

Ko‘z ochib yumguncha 2019 yil ham yakuniga etib bormoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun esa joriy yildagi o‘yinlar tugab bo‘ldi. Bugungi maqolamizni aynan bosh jamoamizga bag‘ishlaymiz. Hisoblab qarasak, terma jamoamiz 2019 yilda rasmiy va o‘rtoqlik uchrashuvlarini qo‘shib hisoblaganda hammasi bo‘lib 16 ta bellashuvda ishtirok etgan. Shulardan 9 tasida vakillarimiz zafar quchishgan bo‘lsa, 5 ta o‘yinda yutqazishgan va 2 ta bahsda durang kuzatilgan. Hammasi joriy yilning 9 yanvaridan boshlangandi. Shu kuni terma jamoamiz 2019 yildagi dastlabki uchrashuvini BAAda Osiyo Kubogi doirasida Ummon termasiga qarshi boshlagandi. Yilning oxirida esa 19 noyabr kuni Toshkentda Falastin bilan o‘yin orqali tugadi. Qolaversa, terma jamoamiz joriy yilni Kuper bilan boshlab, Abramov bilan tugatgani ham e’tiborga molik.

09.01.2019. Osiyo Kubogi. O‘zbekiston – Ummon – 2:1

Milliy terma jamoamizning joriy yildagi dastlabki o‘yini Osiyo Kubogi musobaqasidan boshlangan bo‘lib, rasmiy maqomdaligi bois e’tibor har qachongidan kuchli bo‘lgandi. Sobiq bosh murabbiy Ektor Kuperning aynan rasmiy bahsdagi ilk raqibi Ummon terma jamoasi bo‘lgandi. Ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak, o‘sha uchrashuvda jamoamiz qiyinchilik bilan 2:1 hisobida muvaffaqiyat qozonishgandi va shu tariqa vakillarimiz 2019 yilni g‘alaba bilan boshlashgandi. O‘sha bellashuvda Odil Ahmedov jarima zarbasidan gol urgandi. Ikkinchi bo‘limda esa hisob 1:1 bo‘lib turganida zaxiradan maydonga tushgan Eldor Shomurodov hal qiluvchi golni urib terma jamoamizning g‘alabasini ta’minlagandi. Aynan o‘sha o‘yindagi gol tufayli Shomurodovning boshiga baxt qushi qo‘ngandek edi.

13.01.2019. Osiyo Kubogi. Turkmaniston – O‘zbekiston – 0:4

2019 yildagi terma jamoamizning ikkinchi o‘yini yana rasmiy maqomda bo‘lib, bu safargi raqib yon qo‘shnimiz Turkmaniston edi. Aytish kerakki, o‘shanda Kuper boshchilik qilgan vakillarimiz raqib darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urishgandi. Bu Ektor Kuper murabbiyligi ostidagi terma jamoamizning eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘lgandi. Natijada ushbu g‘alabadan so‘ng vakillarimizning muddatidan oldin keyingi bosqichga chiqishi aniq bo‘lgandi.

17.01.2019. Osiyo Kubogi. Yaponiya – O‘zbekiston – 2:1

Osiyo Kubogi musobaqasining guruh bosqichidagi oxirgi o‘yinni vakillarimiz Yaponiyaga qarshi o‘tkazishgandi. Ushbu o‘yingacha ikkala jamoalar ham keyingi bosqichga chiqish masalasini hal qilib ulgurishgandi. Faqat kim 1-o‘rinni egallashini aniqlashtirish qolgandi xolos. O‘sha uchrashuvda Shomurodovning ajoyib harakatlari evaziga hisobni ochgandik. Ammo keyin yaponlar ikki marta gol urishgan holda yakunda g‘alaba qozonishgandi. Bu esa Kuperning ushbu yildagi dastlabki mag‘lubiyati sifatida qayd etilgan.

21.01.2019. Osiyo Kubogi. Avstraliya – O‘zbekiston – 0:0 (pen.bo‘y. 4:2)

Nimchorak finalda terma jamoamiz Avstraliyaga qarshi bahs olib borishgan. Tan olaylik, o‘sha bahsda futbolchilarimiz yomon o‘yin ko‘rsatishmagandi. Avstraliyaga qarshi o‘yinning asosiy bahsida va qo‘shimcha taymlarda hisob ochilmagan. G‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlangan. Afsuski, o‘shanda omad raqibimizga qulib boqqandi. Shu tariqa, terma jamoamiz munosib o‘yin ko‘rsatgan holda Osiyo Kubogini alamli tarzda tark etgandi.

22.03.2019. «China Cup-2019». Urugvay – O‘zbekiston – 3:0

Osiyo Kubogidan keyin terma jamoamiz fevral oyida biror-bir o‘yinda ishtirok etmadi. Mart oyida esa Xitoyda tashkil etilgan «China Cup-2019» musobaqasida ishtirok etishdi. Ushbu mini-turnirda Xitoy, Urugvay, Tailand va O‘zbekiston terma jamoalari qatnashishgandi. Bu xuddi o‘rtoqlik maqomidagi o‘yinlar bo‘lsa-da, nomlanishi jihatidan kichik bir musobaqa edi. Ammo shunga qaramay, unda Urugvaydek terma jamoaning qatnashgani musobaqaga bo‘lgan qiziqishni oshirgandi. Ayniqsa, vakillarimizning ushbu raqibga qarshi maydonga tushishi yanada e’tiborli holat edi. «China Cup-2019»da to‘rtta terma jamoa qatnashgani bois tashkilotchilar o‘yinlarni yarim final va finalga ajratishdi. O‘zbekiston esa Urugvayga qarshi o‘yin o‘tkazdi. Tarkibda esa Luis Suares bilan Edinson Kavanini hisobga olmaganda qolgan barcha yulduz futbolchilari maydonga tushgandi. Tajriba bobida bizdan kuchli bo‘lgan urugvayliklar o‘sha bahsda Sanjar Quvvatov darvozasiga uchta gol urgandi. Pereyro bilan Stuani (dubl)ning gollariga vakillarimiz javob qaytara olishmagandi. O‘tgan yili ham terma jamoamiz Urugvayga qarshi o‘yin o‘tkazganini yaxshi bilsangiz kerak. O‘shanda Rossiyadagi mundialdan avval urugvayliklar o‘z maydonidagi oxirgi nazorat uchrashuvini aynan bizning futbolchilarimizga qarshi o‘tkazishgandi va hisob ham o‘shanda 3:0 bo‘lgandi.

25.03.2019. «China Cup-2019». Xitoy – O‘zbekiston – 0:1

Xitoydagi musobaqaning uchinchi o‘rin uchun bahsida bu safar vakillarimiz mezbonlarga qarshi maydonga tushishgan. Uchrashuvning 34-daqiqasida Eldor Shomurodov tomonidan kiritilgan yagona gol terma jamoamizga g‘alaba keltirgandi. Natijada terma jamoamiz uchinchi o‘rinni egallagandi. O‘sha mag‘lubiyatdan keyin esa Xitoy terma jamoasini boshqarib turgan Fabio Kannavaro iste’foga chiqqandi. Yodingizda bo‘lsa, aynan Xitoyga qarshi uchrashuvning 38-daqiqasida raqib o‘yinchisi Otabek Shukurovning oyog‘ini jarohatlagandi va natijada futbolchimiz bir necha oyga safdan chiqqandi.

02.06.2019. O‘rtoqlik uchrashuvi. Turkiya – O‘zbekiston – 2:0

Oradan uch oy o‘tganidan keyin Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz navbatdagi xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etishdi. Bu safargi raqib esa Turkiya terma jamoasi edi. Aytish mumkinki, ilk bor turklarga qarshi o‘yin barchaning e’tiborini tortgandi. Qolaversa, navbatdagi raqibimiz ham saviya va sifat borasida bizdan ancha ustun edi. Bunday darajadagi bellashuvlar esa futbolchilarimizga foydadan holi bo‘lmasdi. O‘sha o‘yinda esa baribir turkiyaliklarning tajribasi ustun kelgan holda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi. O‘shanda Zeki Chelikning 17 hamda 58-daqiqalarda kiritgan ikkita goli o‘yin taqdirini hal qilgandi. O‘sha o‘yindan keyin terma jamoamizning sobiq ustozi muxlislarga murojaat qilib, bizga bo‘lgan ishonchni faqat natija bilan bog‘lamaslik kerak, deya gapirgandi. E’tiborlisi shundan so‘ng Turkiya terma jamoasi EVRO-2020 saralashi doirasida o‘z uyida amaldagi jahon chempioni Frantsiya terma jamoasini ham xuddi shu hisobda mag‘lub eta olgandi.

07.06.2019. O‘rtoqlik uchrashuvi. O‘zbekiston – KXDR – 4:0

Terma jamoamiz iyun oyining boshlarida uchta o‘rtoqlik uchrashuvini tashkillashtirgandi va ulardan biri Toshkentda KXDRga qarshi o‘tkazilgan. Vakillarimiz 2 iyunda Turkiya bilan maydonga tushga bo‘lsa, oradan besh kun o‘tib Toshkentda navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashishdi. Aytish kerakki, Kuper bosh murabbiyligidagi terma jamoamiz ikkinchi bor yirik hisobda g‘alaba qozongandi. Dastlab Osiyo Kubogida Turkmaniston darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urgan bo‘lsak, Toshkentda KXDR darvozasiga ham shuncha gol urilgandi.

11.06.2019. O‘rtoqlik uchrashuvi. O‘zbekiston – Suriya – 2:0

Terma jamoamizning navbatdagi o‘yini KXDRga qarshi o‘yindan to‘rt kun o‘tib o‘tkazilgandi. Bu safar ham Toshkentda o‘rtoqlik maqomidagi uchrashuv bo‘lgandi. Navbatdagi raqib esa Suriya terma jamoasi bo‘lgandi va bu safar futbolchilarimiz 2:0 hisobida zafar quchishgandi. Shuni aytish joizki, ushbu o‘yin terma jamoamizning JCh-2022 ikkinchi saralash bahslari oldidan oxirgi yig‘ini va o‘rtoqlik uchrashuvi edi. Kuper esa Suriyaga qarshi bahsdan keyin futbolchilar hal qiluvchi bahslarga to‘liq tayyor deb ishonch bilan gapirgandi. Ammo…

05.09.2019. JCh-2022 saralash bosqichi. Falastin – O‘zbekiston – 2:0

… Ammosi shundaki, Kuper tayyor deb fikr bildirgan terma jamoamiz JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichining dastlabki o‘yinidayoq Falastinda kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. Yutqazganda ham terma jamoamiz shu qadar nursiz o‘yin ko‘rsatgandiki, ochig‘i, futbolchilarimizni taniy olmay qolgandik. Bu esa tabiiyki, Kuperni ham shokka tushirib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas. Qolaversa, Kuperning oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqish edi. Ammo bu yo‘ldagi dastlabki urinishdayoq o‘zimizdan kuchsiz bo‘lgan jamoadan «tarsaki» eganimiz hech kimning xayoliga ham kelmagandi. Aynan ushbu nursiz o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng Ektor Kuperga nisbatan tanqidlar kuchayib ketdi. Rosti, bu o‘yin sababli unga bo‘lgan ishonch ham kamayib ketgandi.

09.09.2019. O‘rtoqlik uchrashuvi. Iroq – O‘zbekiston – 0:0

Falastinga boy berilgan o‘yindan so‘ng terma jamoamiz 9 sentyabr kuni Iordaniya poytaxti Amman shahrida Iroq bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Bu o‘yin esa ancha oldin rejalashtirib qo‘yilgandi. Biroq kutilmaganda Falastinga yutqazib qo‘yishganidan so‘ng terma jamoamizning Iroqqa qarshi o‘yini ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmagandi. Uchrashuvda esa hisob ochilmagandi. Shuni aytish kerakki, ushbu bellashuv Kuperning O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi oxirgi o‘yini bo‘lib qoldi.

10.10.2019. JCh-2022 saralash bosqichi. O‘zbekiston – Yaman – 5:0

Kuper ist’efoga chiqarilgach, uning o‘rniga Vadim Abramov tayinlandi. Uning terma jamoamiz rolidagi dastlabki o‘yini 10 oktyabr kuni Yamanga qarshi uchrashuvga to‘g‘ri keldi. Ko‘pchilik esa terma jamoamizdagi ushbu o‘zgarishdan xursand bo‘ldi hamda Vadim Karlenovichning qaytishini mamnuniyat bilan qarshi oldilar. Abramov esa tarkibda islohotlarni boshlab yubordi. Yaman bilan kechgan o‘yinda esa futbolchilarimiz muxlislarimizga gollar shousini uyushtirib berishdi va raqib darvozasiga javobsiz beshta gol urishdi. Shu tariqa, Abramov terma jamoaga qaytishini mana shunday tarzda yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi.

15.10.2019. JCh-2022 saralash bosqichi. Singapur – O‘zbekiston – 1:3

Oradan besh kun o‘tib terma jamoamiz Abramov boshchiligida Singapurda o‘yin o‘tkazdi. Qizg‘in kechgan bahsda vakillarimiz Vadim Karlenovich boshchiligida ikkinchi o‘yinda ham g‘alaba qozonishdi. Tabiiyki, murabbiy almashgach terma jamoamiz ishqibozlar xohlashganidek hujumkor o‘yin ko‘rsatishni boshlagandi.

09.11.2019. O‘rtoqlik uchrashuvi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – 3:1

Navbatdagi o‘yin esa o‘rtoqlik maqomi ostida o‘tdi. Oxirgi paytlarda o‘sishga erishayotgan Qirg‘iziston terma jamoasi Toshkentda vakillarimizga qarshi maydonga tushdi. Bundan bir necha yillar ilgari Qirg‘iziston bizning saviyamizga mos kelmaydi degan gaplar ko‘p aytilardi. Ammo bu safar esa vaziyat umuman o‘zgargandi. Chunki qirg‘izlar yuqorida aytganimizdek, oxirgi paytlarga kelib o‘sishga erishishayotgandi. Shu bois terma jamoamizning Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yiniga hech kimda  aytarli e’tirozlar bo‘lmadi. Ushbu bahsda esa vakillarimiz 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi.

14.11.2019. JCh-2022 saralash bosqichi. O‘zbekiston – S.Arabistoni – 2:3

Abramov terma jamoadagi dastlabki mag‘lubiyatini o‘zining uchinchi o‘yinida qabul qilib oldi. Alamlisi biz uchun juda muhim bo‘lgan uchrashuvda asosiy raqobatchimiz hisoblangan Saudiya Arabistoniga o‘z uyimizda yutqazib qo‘ydik. Aslida esa vakillarimiz g‘alabaga juda yaqin turgandilar. Ammo oxirgi daqiqalarda saudiyaliklarning kiritgan ikkita goli tufayli terma jamoamiz mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu o‘yinda esa Vadim Abramov tomonidan taktik va o‘yinchi tanlashdagi xatoliklar ko‘zga tashlanib qolgandi. Bu borada esa saudiyaliklar ustozi Erve Renar bu borada hamkasbiga master-klass o‘tab ketdi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

19.11.2019. JCh-2022 saralash bosqichi. O‘zbekiston – Falastin – 2:0

Saudiyaga qarshi alamli mag‘lubiyatdan keyin Vadim Abramov Falastin bilan bahsda ancha ehtiyotkorlikni oshirgani ko‘rindi. Ayniqsa, tarkib va taktika tanlashda bu holat namoyon bo‘ldi. Falastindagi uchrashuvda kutilmaganda ikkita to‘p farqi bilan yutqazgan bo‘lsak, Toshkentdagi javob bahsida vakillarimiz xuddi shu hisob bilan g‘alaba qozonishdi va qarzni qaytarishdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!