Tilemansdan Xalilovichgacha. Yoxud Chempionlar ligasida maydonga tushgan eng yosh futbolchilar "TOP-5"

  • 15 may, 2021, 22:48
  • 0
  • Futbol

Yussufa Mukoko (20.11.2004) 16 yosh 18 kun

"Zenit" – "Borussiya" (Dortmund) (1:2)

8 dekabr 2020 yil

Chempionlar ligasi tarixida maydonga tushgan eng yosh futbolchi rekordi musobaqaning joriy mavsumida yangilandi. Mukokoning tarixi rekordlar haqida so‘zlaydi. Etnik kamerunlik hisoblangan ushbu futbolchi Chempionlar ligasi, UEFA Yoshlar ligasi va Bundesligada maydonga tushgan eng yosh futbolchi hisoblanadi. U nafaqat Germaniya chempionatida, balki Evropaning "TOP-5" chempionatlarida gol urgan eng yosh o‘yinchi sifatida ham tarixga kirdi. Erling Xoland bu jamoadoshini dunyodagi eng iste’dodli futbolchilardan biri, deb hisoblaydi. Chindan ham Mukoko yangi yulduzga aylana oladimi? Ko‘ramiz. Chunki futbolda yoshlardan kattalar darajasiga o‘tish oson kechmasligiga misollar etarlicha. Boshqa tomondan, barchani sindirib tashlagan o‘spirinlar borasida ham misollari juda ko‘p!

Selestin Babayaro (29.08.1978) 16 yosh 87 kun

"Anderlext" – "Styaua" (1:1)

23 noyabr 1994 yil

Bu bizning kuchli beshligimizda o‘tgan asrda amalga oshirilgan yagona rekord hisoblanadi. Bu voqea ancha oldin sodir bo‘lgan, u paytda qolgan 4 ta rekordchi hatto dunyoga ham kelmagan edi. O‘shanda u qanchalik  shov-shuv bo‘lganini tasavvur qilavering. Nigeriyalik futbolchi Belgiya va Angliya chempionatlarida bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, “Chelsi” bilan birga UEFA Kubogi va Superkubogida zafar quchdi. Babayaro Okocha, Kanu va Babangida bilan birga 1996 yil Atlantada bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida chempioni bo‘lganini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak.

Rayan Sherki (17.08.2003) 16 yosh 102 kun

"Zenit" – "Lion" (2:0)

27 noyabr 2019 yil

Kelib chiqishi jazoirlik bo‘lgan frantsuz futbolchisi "Lion" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U “Lion”ning yoshlar jamoasida ham bir necha mavsum to‘p surgan va hozirda asosiy tarkibga mustahkam joylashib olish uchun harakat qilmoqda. Sherki bolaligidanoq rekordlarni birin-ketin o‘z hisobiga yozdirib qo‘ya boshladi. Tabiiyki, shundan so‘ng u Evropaning kuchli klublari skautlari e’tiboriga tushdi. Matbuot haligacha Sherkini grand klublarga o‘tishi mumkinligi haqida yozishdan to‘xtamayapti. Biroq Rayan uchun bu yoshdagi bosh maqsad "Lion"ning asosiy tarkibiga qat’iy o‘rnashib olishdir. Sherki 2019 yilda “Zenit”ga qarshi bo‘lib o‘tgan UEFA Chempionlar ligasi uchrashuvida zaxiradan maydonga tushirildi va 15 daqiqa harakat qildi. Bu unga rekordchilar qatoriga kirishi uchun etarli bo‘ldi.

Alen Xalilovich (18.06.1996) 16 yosh 128 kun

"Dinamo" (Zagreb) – PSJ (0:2)

24 oktyabr 2012 yil

Zagrebning "Dinamo" klubi bosh murabbiyi Ante Chachich PSJga qarshi o‘yinda hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda yosh futbolchilarni o‘zaro almashtirdi. Aniqrog‘i, 18 yoshli Mateo Kovachich o‘rniga 16 yoshli Alen Xalilovich maydonga tushdi. O‘yindan so‘ng, ommaviy axborot vositalarida yosh xorvatning Zlatan Ibragimovichga qarashi memga aylandi va juda keng tarqaldi. Ko‘p o‘tmay, Xalilovich Evropa futbolining eng buyuk iste’dodlaridan biri, deb topildi va u bilan "Barselona" shartnoma imzoladi. Biroq, Alen birdan “yo‘qolib qoldi”. U Kataloniya jamoasida uzoq qolmadi, shundan keyin yana oltita jamoada o‘ynadi. Xalilovich hozir 24 yoshda va Angliyaning ikkinchi divizioni - Chempionshipda o‘ynaydigan “Birmingem” futbolchisi hisoblanadi.

Yuri Tilemans (07.05.1997) 16 yosh 148 kun

"Anderlext" – "Olimpiakos" (0:3)

2 oktyabr 2013 yil

Bizning beshlikdagi yana bir "Anderlext" vakili bu Yuri Tilemansdir. Belgiyalik futbolchi shu kuni rekordchi sifatida maydonga tushgan bo‘lsada, uchrashuvda xet-trik qayd etgan Kostas Mitrogluning soyasida qolib ketdi. Ammo u yuqorida sanab o‘tgan ayrim yosh futbolchilardan farqli ravishda o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlay oldi. Tilemans “Anderlext” tarixidagi eng yosh sardor bo‘ldi va keyin “Monako”ga o‘tdi. Frantsiya chempionatida o‘zini yaxshi namoyish etgach, uni “Lester”ga olib ketishdi. Yuri hozirda Brendan Rojers jamoasining eng muhim o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. Shunday ekan, uning yutuqlari hali oldinda. Ko‘ramiz, Tilemans kelajakda yana qanday rekordlar sohibiga aylanar ekan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!