Xalqaro xokkey federatsiyasi bilan hamkorlik yangi darajaga chiqmoqda

  • 8 avgust, 2023, 14:25
  • 0

Toshkentda o‘tkazilgan “Osiyolik yosh xokkeychilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini” loyihasidan so‘ng Xalqaro muz ustida xokkey federatsiyasi (IIHF) va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash mavzusiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda IIHF vitse-prezidenti Ayvaz Omarkanov, MOQ raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov mavzuga doir istiqbolli rejalarni muhokama qilishdi.

Shuningdek, mazkur uchrashuvda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi Ijrochi direktori Elbek Mahmudov ham ishtirok etdi. Ayvaz Omarkanov 7 kunlik xalqaro yig‘in yuqori saviyada o‘tkazilgani uchun mamlakatimiz hukumati va tashkiliy qo‘mita a’zolariga minnatdorchilik bildirdi. Xususan, u o‘z nutqi davomida O‘zbekiston kelgusida nafaqat bu kabi yig‘inlar, balki xalqaro miqyosdagi musobaqalar, turli yosh toifalaridagi qit’a birinchiliklarini ham a’lo darajada o‘tkazishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Bunga javoban MOQ mutasaddi rahbarlari mamlakatimizda nafaqat yozgi, balki qishki sport turlarini ham rivojlantirish, poytaxt va turli viloyatlarda buning uchun katta infratuzilma yaratilayotgani haqida gapirib o‘tishdi. Shuningdek, Toshkentning turli yoshdagi Osiyo chempionatlarini o‘tkazish uchun imkoniyati etarli ekani, bu kabi musobaqalar yurtimizda qishki sport turlari, xususan, xokkeyni yanada keng targ‘ib qilishga katta yordam berishini ta’kidlashdi.

Suhbat davomida tomonlar tashkilotlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, kelgusida bu kabi yangi yirik loyihalarni o‘tkazish kabi mavzularda fikr almashishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!