Xoland "Barselona"ga, Mbappe esa "Real"ga o‘tadi

  • 19 aprel, 2021, 09:50
  • 0
  • Futbol

Yaqinlashib kelayotgan yozgi transferlar davrida Evropa futbolida katta “ko‘chishlar” amalga oshishi kutilmoqda. Quyida aynan ana shular haqida gaplashamiz.

alaba

David Alaba (Avstriya) – “Bavariya”dan “Real” yoki “Barselona”ga

28 yoshli Alaba mavsum yakunlangach, “Bavariya”dan ketishini allaqachon e’lon qildi. Myunxenliklar uning o‘rniga “RB Leyptsig”dan Dayot Upamekanoni sotib oladi. Futbol tarixidagi eng qimmat erkin agentga aylanadigan avstriyalik himoyachiga Ispaniyaning ikki grandi – “Real” va “Barselona” asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Alaba Peres bilan og‘zaki kelishuvga erishgani haqida xabarlar bor, ammo prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan Laporta uni “Barselona” tomonga og‘dirib olmoqchi. Aytish lozimki, ispan grandlari futbolchiga katta mablag‘ va’da qilolmaydi, lekin ularning mavqe va obro‘-e’tibori yo‘qolgani yo‘q. Bu esa “Barsa” va “Real”ga hali ham yulduz futbolchilarni jalb etish imkonini beradi.

ramos

Serxio Ramos (Ispaniya) – “Real”dan “Manchester Siti” yoki PSJga

35 yoshli Ramosning “Real” bilan amaldagi shartnomasi yozda o‘z nihoyasiga etadi va tomonlar hozircha ushbu kelishuvni uzaytirish borasida bir qarorga kela olmayapti. Serxioning qarori bevosita Alabaning taqdiriga ham ta’sir qiladi. Chunki agar Ramos “Real”dan ketsa, madridliklar qanday qilib bo‘lmasin Davidni qo‘lga kiritishga harakat qiladi. “Bavariya” futbolchisi uchun “Real”dan ketmoqchi bo‘lib yurgan boshqa bir himoyachi – Rafael Varan ham joy bo‘shatishi mumkin. “Real”ning uzoq yillik sardori uchun aniq takliflar mavjud emas. Ammo “Manchester Siti” va PSJ erkin agentga aylanadigan tajribali futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishi mumkinligi aytilmoqda. O‘z vaqtida bir necha yil davomida ashaddiy raqib bo‘lib kelgan Ramosni Gvardiolaning jamoasida ko‘rish, ayniqsa qiziq bo‘lgan bo‘lardi.

ndorn

Janluiji Donnarumma (Italiya) – “Milan”dan “Yuventus”ga

22 yoshli Donnarumma yozda erkin agentga aylanadi. Boisi, “Milan” hali ham u bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmayapti. Yana chempionlikni qaytarishni maqsad qilayotgan “Yuventus” esa yosh iqtidorli posbonni o‘z safiga chorlamoqda. Yaqin 10-15 yil ichida yuqori darajada harakat qila oladigan darvozabon olish, ayniqsa Italiya futbolida muhim ahamiyatga ega. Agar Janluiji Donnarumma “Yuventus”dan ketish arafasida turgan Janluiji Buffonning o‘rnini egallasa, bu yanada ajoyib bo‘lishi mumkin.

sancho_2

Jeydon Sancho (Angliya) – “Borussiya” Dortmunddan “Manchester Yunayted”ga

Ushbu transfer o‘tgan 2020 yilda amalga oshishi mumkin edi, ammo o‘shanda nemis grandi Sanchoni 120 mln evrodan kamiga sotishdan bosh tortdi. Barbod bo‘lgan transferdan so‘ng Jeydonning o‘yinida biroz pastlash kuzatildi, ammo hozir u yana avvalgi holatiga qaytgan va u yana MYuning qiziqishlar markazida bo‘lib turibdi. Aslida, “qizil iblislar” uchun Sanchoning pozitsiyasida futbolchilar etarli va unga ehtiyoj yo‘q. Biroq “Yunayted” rahbariyati 21 yoshli angliyalik futbolchini kelajakda norvegiyalik jamoadoshi Erling Xolandni “Old Trafford”ga olib kelishda muhim rol o‘ynaydi, deb hisoblamoqda. Sanchoning transferi APL grandiga taxminan 80-90 mln evroga tushishi mumkin.

mes_1

Lionel Messi (Argentina) – “Barselona”dan “Manchester Siti” yoki PSJga

Hatto Joan Laportaning prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqani ham Messini “Barselona”da olib qololmasligi mumkin. 33 yoshli argentinalik futbol yulduziga “Manchester Siti” va PSJ ko‘z tikkan. Garchi Gvardiola bilan yana birga ishlash yaxshiroq ko‘rinayotgan bo‘lsada, Leoning oilasi Angliyada yashashni xohlamaydi. Ammo Parij uni o‘ziga jalb qila oladi. PSJda Parades va Di Mariya kabi Messining vatandoshlari bor. Bosh murabbiy Pochettino ham argentinalik. Bundan tashqari, bu jamoada uning “Barselona”dagi sobiq do‘sti Neymar to‘p suradi. Shu bois bu borada PSJning imkoniyatlari yuqoriroq.

rona_3

Krishtianu Ronaldu (Portugaliya) – “Yuventus”dan “Real” yoki MYuga

36 yoshli Ronaldu ham, huddi Messi kabi shu yoz jamoasini o‘zgartirishi mumkin. “Yuventus” Krishtianuni katta maqsad bilan, ya’ni Chempionlar ligasida g‘olib chiqish uchun sotib olgan edi. Ammo ketma-ket 3 mavsumdan buyon jamoa yarim finalga ham chiqa olmayapti. Shu sababli “keksa sinora” undan voz kechib, yangi loyiha boshlashi mumkin. “Yuventus” bu orqali Ronalduga to‘layotgan o‘nlab million evro mablag‘ni ham tejab qoladi. Kirishtianu esa o‘zining yulduzli onlarini o‘tkazgan “Real” yoki “Manchester Yunayted”ga qaytishi mumkinligi aytilmoqda.

mbap_3

Kilian Mbappe (Frantsiya) – PSJdan “Real”ga

22 yoshli Kilian Mbappe PSJning yangi shartnoma borasidagi takliflarini doimiy ravishda rad etib kelmoqda. Kilian o‘z faoliyatining yangi bosqichini Zinedin Zidan uni uzoq vaqt kutgan Madridda boshlash niyatida. Futbolchining shaxsan o‘zida “Real”ga o‘tish istagi borligini inobatga olsak, bu transfer albatta amalga oshadi. Ammo qachon? Mbappening PSJ bilan amaldagi shartnomasi 2022 yilning yozida o‘z nihoyasiga etadi va Parij klubi uni tekinga qo‘yib yubormaslik uchun ham shu yozda sotib yuborishi mumkin. Ushbu transfer “Real”ga taxminan 180 mln evroga tushishi mumkin.

xoland_1

Erling Xoland (Norvegiya) – “Borussiya” Dortmunddan “Barselona” yoki qaysidir top klubga

Mbappe va Xolandning transferlari futbol olamining keyingi o‘n yillik ko‘rinishini belgilaydi, chunki bu yigitlar yaqin yillarda katta ustunlikka ega bo‘lishlari va ko‘plab sovrinlarni yutib olishlari ehtimoldan xoli emas. Mbappe oldida 2 ta yo‘l bor: PSJ bilan shartnomani uzaytirgan holda Parijda qolish yoki “Real”ga o‘tish. Ammo Xolandga xaridorlar ko‘p va uning oldida takliflar etarlicha. 20 yoshli norvegiyalik futbolchi uchun hozirda “Chelsi”, “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti” va “Barselona” kurash olib bormoqda. Ular orasida kataloniyaliklarning imkoniyati nisbatan yuqori baholanmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!