Yirik musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishda Xitoy asosiy hamkorlardan bo‘ladi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining (XXR) sport sohasi mutasaddilari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Unda Adham Ikramov boshchiligidagi Vazirlik mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etdi. XXR Sport bo‘yicha Davlat Bosh boshqarmasi direktori janob Gao Ji videokonferents orqali ulandi.

Suhbatda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni sport sohasi orqali yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik yo‘lida terma jamoalar ishtirokida yig‘inlar tashkil etish kabi yo‘nalishlar qatorida kelasi yil Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida delegatsiyamizning ishtirokiga oid masalalar muhokama qilindi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tamal toshini qo‘ygan “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlarining Olimpiya shaharchasi va uning ob’ektlari Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan quriladi. Suhbatda ushbu yirik tadbirga tayyorgarlik jarayonida Xitoy bilan hamkorlik qilish, sport inshootlarini shinam va zamonaviy, energiya tejamkor ko‘rinishda barpo etish kabi ustuvor yo‘nalishlarga ahamiyat berildi.

O‘z navbatida, Xitoy tomoni ham mamlakatimizning so‘nggi davrda barcha sohalar qatori sport bo‘yicha ham ulkan yutuqlarga erishayotganini ta’kidlab, o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdan mamnun ekanini bildirdi. Shuningdek, 5 noyabr kuni poytaxtimizda Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari targ‘ibotiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Fun Run” ommaviy yugurish musobaqasining yuqori darajada o‘tkazilgani uchun minnatdorchilik izhor qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar kun tartibidagi masalalar bo‘yicha atroflicha fikr almashib, o‘zaro hamkorlik yo‘nalishida bir qator istiqbolli kelishuvlarga erishishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!